Jamiyat aksiyadorlari reyestrini shakllantirish aksiyadorlik jamiyatining yoki qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining topshirigʻi asosida markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajaruvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi. Reyestrning qaysi sanaga shakllantirilishi reyestrni shakllantirish toʻgʻrisidagi topshiriqda koʻrsatiladi. Aksiyadorlik jamiyati jamiyatning aksiyadorlari reyestrini shakllantirish toʻgʻrisidagi topshiriqlarda imzo qoʻyish huquqiga ega boʻlgan shaxslar haqida markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajaruvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yozma shaklda xabardor qilishi shart. Davlat vakilini jamiyat aksiyadorlari reyestriga kiritish haqidagi yozuv, davlat vakilini tayinlash toʻgʻrisidagi tegishli qaror ilova qilingan holda, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajaruvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga bildirish asosida amalga oshiriladi. Jamiyat aksiyadorlari reyestrini shakllantirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Jamiyat aksiyadorlari reyestrini shakllantirish rad etilgan taqdirda, markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajaruvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi reyestrni shakllantirish rad etilganligi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan bildirishnomani topshiriq kelib tushgan paytdan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yuboradi. Jamiyat aksiyadorlari reyestrini shakllantirish rad etilganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.