Aksiyalarning har bir turi boʻyicha dividendlar (yilning har bir choragi, yarim yilligi, yilligi boʻyicha) toʻlash, dividendning miqdori hamda uni toʻlash shakli toʻgʻrisidagi qaror jamiyat kuzatuv kengashining tavsiyasi asosida aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Dividendlarning miqdori jamiyat kuzatuv kengashi tavsiya etgan miqdordan koʻp boʻlishi mumkin emas. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi aksiyalarning muayyan turlari boʻyicha dividendlar toʻlamaslik toʻgʻrisida, shuningdek jamiyat ustavida dividend miqdori belgilab qoʻyilgan imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻliq boʻlmagan miqdorda dividendlar toʻlash haqida qaror qabul qilishga haqli. Dividendlar toʻlash toʻgʻrisidagi qarorda dividendlar toʻlash boshlanadigan va tugaydigan sanalar koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Yilning har bir choragi, yarim yilligi boʻyicha dividendlar toʻlash toʻgʻrisidagi qaror (eʼlon) tegishli davr tugaganidan soʻng ikki oy ichida qabul qilinishi mumkin. Agar dividendlar toʻlash oqibatida aksiyadorlik jamiyatining moliya-xoʻjalik ahvoli jiddiy tarzda yomonlashadigan boʻlsa, dividendlar toʻlash taqiqlanadi.