Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi jamiyatni boshqarishning oliy organidir. Jamiyat har yili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini (aksiyadorlarning umumiy hisobot yigʻilishini) oʻtkazishi shart. Aksiyadorlarning umumiy hisobot yigʻilishi jamiyat ustavida belgilangan muddatlarda, ammo moliya yili tugaganidan keyin koʻpi bilan olti oy ichida oʻtkaziladi. Aksiyadorlarning umumiy hisobot yigʻilishida jamiyatning kuzatuv kengashi va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash toʻgʻrisidagi, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi bilan, kollegial ijroiya organining aʼzolari, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish (shartnomani qayta tuzish yoki uni tugatish (bekor qilish) mumkinligi toʻgʻrisidagi, auditorlik tekshiruvi oʻtkazish haqida qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi masalalar, auditorlik tashkilotini va uning xizmatiga toʻlanadigan haq miqdori chegarasini belgilash masalalari hal etiladi, shuningdek ushbu Qonun 65-moddasining birinchi qismi oʻn uchinchi xatboshisiga muvofiq jamiyatning yillik hisoboti va boshqa hujjatlar qarab chiqiladi. Aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishidan tashqari oʻtkaziladigan umumiy yigʻilishlari navbatdan tashqari yigʻilish hisoblanadi. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sana va uni oʻtkazish tartibi, yigʻilish oʻtkazilishi haqida aksiyadorlarga xabar berish tartibi, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik vaqtida aksiyadorlarga beriladigan materiallar (axborotlar) roʻyxatini jamiyatning kuzatuv kengashi belgilaydi.