Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 71-modda. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish

Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda jamiyat kuzatuv kengashi, ushbu Qonun 72-moddasining oʻn ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa umumiy yigʻilishni chaqiruvchi shaxslar quyidagilarni belgilaydi: umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni; umumiy yigʻilishning kun tartibini; umumiy yigʻilish oʻtkazilishi haqida xabar qilish uchun jamiyat aksiyadorlari reyestri tuziladigan sanani; umumiy yigʻilishni oʻtkazish uchun jamiyat aksiyadorlari reyestri tuziladigan sanani; umumiy yigʻilish oʻtkazilishi haqida aksiyadorlarga va davlat vakiliga xabar qilish tartibini; umumiy yigʻilishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etiladigan axborot (materiallar) roʻyxatini; ovoz berish byulletenining shakli va matnini. Aniq masala qoʻyilishini aks ettirmaydigan taʼriflarning (shu jumladan, “turli masalalar”, “boshqa masalalar”, “oʻzga masalalar” va hokazolarning) aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sana uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 30 kundan kam va 45 kundan koʻp belgilanishi mumkin emas.