Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 73-modda. Sanoq komissiyasi

Ovozlarni sanab chiqish, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etishi uchun aksiyadorlarni roʻyxatga olish, shuningdek ovoz berish byulletenlarini tarqatish uchun jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan sanoq komissiyasi tuzilib, uning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadi. Sanoq komissiyasi tarkibi kamida uch kishidan iborat boʻlishi kerak. Sanoq komissiyasi tarkibiga jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, taftish komissiyasining aʼzolari, kollegial ijroiya organi aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi, shu bilan birga ana shu lavozimlarga nomzodi koʻrsatilgan shaxslar kiritilishi mumkin emas. Sanoq komissiyasi aksiyadorlar umumiy yigʻilishida kvorum bor yoki yoʻqligini aniqlaydi, aksiyadorlar (ularning vakillari) umumiy yigʻilishda ovoz berish huquqlarini roʻyobga chiqarishi munosabati bilan yuzaga keladigan masalalar xususida tushuntirishlar beradi, ovozga qoʻyiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibini tushuntiradi, ovoz berishning belgilangan tartibi va aksiyadorlarning ovoz berishda ishtirok etish huquqlarini taʼminlaydi, ovozlarni sanab chiqadi va ovoz berish yakunini chiqaradi, ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, ovoz berish byulletenlarini arxivga topshiradi.