Agar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etuvchilarni roʻyxatga olish tamom boʻlgan paytga kelib, jamiyatning tarqatilgan va joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining jami oltmish foizidan koʻpiga ega boʻlgan aksiyadorlar (ularning vakillari) roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi vakolatli (kvorum toʻplagan) hisoblanadi. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish uchun kvorum boʻlmasa, aksiyadorlarning yangi umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi eʼlon qilinadi. Aksiyadorlarning yangi umumiy yigʻilishini oʻtkazishda kun tartibiga oʻzgartishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻtkazilmay qolgan yigʻilish oʻrniga aksiyadorlarning yangi chaqirilgan umumiy yigʻilishida ishtirok etuvchilarni roʻyxatga olish tugagan paytga kelib, jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining jami oltmish foizdan kam boʻlmagan ovoziga ega boʻlgan aksiyadorlar (ularning vakillari) roʻyxatga olingan boʻlsa, bu umumiy yigʻilish vakolatli hisoblanadi. Aksiyadorlarning yangi umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida xabar qilish ushbu Qonunning 69-moddasida nazarda tutilgan tarzda yigʻilish oʻtkaziladigan sanaga kamida 10 kun qolganida amalga oshiriladi. Kvorum boʻlmaganligi sababli aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi 20 kundan kam muddatga koʻchirilgan taqdirda, umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlar oʻtkazilmay qolgan umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlarning reyestriga muvofiq aniqlanadi.