Jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) va (yoki) kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) aʼzolari, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz burchlarini bajarishda jamiyat manfaatlarini koʻzlab ish tutishlari lozim. Jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) va (yoki) kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) aʼzolari, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi qonun hujjatlariga va jamiyat ustaviga muvofiq jamiyat oldida javobgardir. Ayni paytda jamiyatga zarar keltirishga sababchi boʻlgan qarorga ovoz berishda qatnashmagan yoki bunday qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolari, kollegial ijroiya organ (boshqaruv, direksiya) aʼzolari javobgar boʻlmaydi. Ushbu modda qoidalariga muvofiq bir necha shaxs javobgar boʻlsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar hisoblanadi. Jamiyat yoki u joylashtirgan oddiy aksiyalarning hammasi boʻlib kamida bir foiziga ega boʻlgan aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni daʼvo qilib kuzatuv kengashi aʼzosi, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor), kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) aʼzosi, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi ustidan sudga murojaat qilishga haqlidir.