Jamiyatni qayta tashkil etish aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori bilan qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratib chiqarish va qayta tuzish tarzida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qoʻshib yuborish, birlashtirish yoki qayta tuzish tarzida qayta tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin. Yangi tuzilgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatiga olingan paytdan eʼtiboran jamiyat qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi, birlashtirish tarzida qayta tashkil etish bundan mustasno. Jamiyat boshqa jamiyatga qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etilganida davlat roʻyxatga olish organi qoʻshilib yuborilgan jamiyat oʻz faoliyatini toʻxtatgani haqidagi yozuvni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritgan paytdan eʼtiboran qoʻshib yuborilgan jamiyat qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi. Qayta tashkil etish natijasida yangidan vujudga kelgan jamiyatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyati toʻxtatilgani toʻgʻrisidagi yozuvni kiritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran jamiyat 30 kundan kechiktirmay oʻz kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor etadi. Kreditor jamiyatdan majburiyatlarni toʻxtatish yoki muddatidan ilgari bajarishni hamda zararning oʻrnini qoplashni quyidagi muddatlarda yozma ravishda xabar berish yoʻli bilan talab qilishga haqlidir: qoʻshib yuborish, birlashtirish yoki qayta tuzish tarzida qayta tashkil etish haqidagi xabarni jamiyat kreditorga yuborgan sanadan boshlab uzogʻi bilan 30 kun ichida; boʻlish yoki ajratib chiqarish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi xabarni jamiyat kreditorga yuborgan sanadan boshlab uzogʻi bilan 60 kun ichida. Agar boʻlinish balansi qayta tashkil etilayotgan jamiyatning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangi vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan