Bir yoki bir nechta jamiyat faoliyatini toʻxtatib, ularning huquqlari va majburiyatlarini boshqa jamiyatga oʻtkazish — jamiyatni birlashtirish deb hisoblanadi. Birlashtirilayotgan jamiyat va birlashtirib olayotgan jamiyat birlashish toʻgʻrisida shartnoma tuzadilar, unda birlashishning tartibi va shartlari, shuningdek birlashtirilayotgan jamiyatning aksiyalarini birlashtirib olayotgan jamiyatning aksiyalari va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash tartibi belgilab qoʻyiladi. Har bir jamiyatning kuzatuv kengashi birlashishda ishtirok etayotgan oʻz jamiyatining umumiy yigʻilishi hukmiga birlashish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi va birlashish shartnomasini tasdiqlash haqidagi masalani kiritadi. Birlashtirilayotgan jamiyat kuzatuv kengashi oʻtkazish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani ham aksiyadorlar umumiy yigʻilishi hukmiga havola etadi. Mazkur jamiyatlar aksiyadorlarining qoʻshma umumiy yigʻilishi ustavga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Aksiyadorlarning qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish tartibi birlashish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi. Bir jamiyat boshqa jamiyatga birlashganda oʻtkazish dalolatnomasiga muvofiq birlashtirilayotgan jamiyatning barcha huquq va majburiyatlari qoʻshib olgan jamiyatga oʻtadi.