Jamiyat faoliyatini toʻxtatib, uning huquqlari va majburiyatlarini yangi tuzilayotgan jamiyatlarga oʻtkazish — jamiyatni boʻlish deb hisoblanadi. Boʻlish tarzida qayta tashkil etilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hukmiga boʻlish tarzida jamiyatni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi, bu qayta tashkil etishning tartibi va shartlari xususidagi, yangi jamiyatlar tuzish hamda qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyalarini tuzilayotgan jamiyatlar aksiyalariga va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash tartibi toʻgʻrisidagi masalalarni havola etadi. Boʻlish tarzida qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni boʻlish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisida, yangi jamiyatlar tuzish hamda qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyalarini tuzilayotgan jamiyatlarning aksiyalari va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash tartibi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Yangi tuzilayotgan har bir jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi uning ustavini tasdiqlash hamda kuzatuv kengashini saylash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Jamiyat boʻlinganda uning barcha huquqlari va majburiyatlari boʻlish balansiga muvofiq yangi tashkil etilayotgan ikki yoki bir necha jamiyatga oʻtadi.