Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida 14-modda. Bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olish asoslari

Markaziy bank quyidagi hollarda bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olishi mumkin: bank toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganida, passivlar aktivlardan koʻpayib ketganida; litsenziya berishga asos boʻlgan maʼlumotlarning notoʻgʻriligi aniqlanganda; bank oʻz omonatchilari va boshqa kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmaganida; hisobot maʼlumotlari muntazam ravishda buzib koʻrsatilganda; qonun hujjatlariga va litsenziya shartlariga zid keladigan bank operatsiyalari amalga oshirilganda; litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran bank operatsiyalarini amalga oshirish bir yildan ortiq muddatga kechikkanda; monopoliyaga qarshi qoidalar buzilganda; ichki nazorat qoidalari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibi buzilganda; Oʻzbekiston Respublikasida oʻz shuʼba bankini tashkil etgan chet el bankidan litsenziya chaqirib olinganda.