Banklarning oʻziga aloqador boʻlgan shaxslar bilan yoki ular nomidan tuzadigan shartnomalari oʻziga aloqador boʻlmagan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslansa, ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi. Markaziy bank bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan bitimlar tuzish, jumladan ularga kreditlar ajratish yuzasidan cheklovlar belgilaydi. Quyidagi shaxslar: bankning mansabdor shaxsi, jumladan bank kengashining aʼzosi, shu bankning boshqa xodimlari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari; ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdoridan ortiq qismiga egalik qilib turgan bank aksiyadorlari; ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdoridan ortiq qismiga egalik qilib turgan aksiyador yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari; bank yuridik shaxslarning qatnashchisi boʻlib, ularning ustav kapitalidagi ulushi oʻn foizdan ortiq boʻlsa, mazkur yuridik shaxslar, ularning mansabdor shaxslari va bu shaxslarning yaqin qarindoshlari bank bilan aloqador shaxslar deb hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan shaxslarning biri bilan aloqador boʻlgan shaxs ularning har biri bilan aloqador deb hisoblanadi. Bank bilan aloqador shaxsga kredit, shuningdek bank bilan aloqador shaxs uchun kafolatlar ushbu modda talablarini hisobga olgan holda bank kengashining qaroriga koʻra berilishi mumkin.