Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga har qanday tovarlar joylashtiriladi, bundan roʻyxati qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tovarlar mustasno. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarni deklaratsiyalash boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Tovarlar boj olinmaydigan savdo bojxona rejimida cheklanmagan muddatda turishi mumkin. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin: tovar realizatsiya qilinguniga qadar uning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash operatsiyalari; tovarlarni sotishga tayyorlash boʻyicha, shu jumladan saralash, oʻrash-joylash, qayta oʻrash-joylash, tamgʻalash operatsiyalari (aksiz markalari bundan mustasno). Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar realizatsiya qilinguniga qadar oʻzgarmas holatda qolishi kerak, bundan isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun foydalaniladigan tovar mustasno. Boj olinmaydigan savdo doʻkonida realizatsiya qilinadigan tovarlar tovarning boj olinmaydigan savdo doʻkoniga mansubligini anglatuvchi maxsus tamgʻaga ega boʻlishi va chakana sotish uchun oldindan oʻrab, joylangan boʻlishi kerak.