Har qanday tovar quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtiriladi: tovarning bojxona hududi orqali tranziti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq taqiqlanmagan boʻlsa; agar qonunchilikka muvofiq tovarning bojxona hududi boʻylab tranzitiga faqat tegishli ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyilsa, tovarga nisbatan shunday ruxsatnomalar mavjud boʻlsa. Bojxona tranziti bojxona rejimida tovarni tashish ushbu Kodeksning 31-bobida belgilangan talablar va shartlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari, quvur transporti orqali va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlar bojxona tranzitining bojxona rasmiylashtiruvi ushbu Kodeksning 24 va 25-boblariga muvofiq amalga oshiriladi. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sharti bilan bojxona hududi orqali bojxona tranzitiga yoʻl qoʻyiladigan tovarlarning roʻyxati qonunchilikda belgilanadi. Ayrim turdagi tovarlarning bojxona hududi orqali bojxona tranziti bojxona rejimida olib oʻtilishiga nisbatan qonunchilik bilan boshqa talablar va shartlar ham belgilanishi mumkin. Tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish ushbu Kodeksning 3-bobiga muvofiq bojxona organi xabardor qilingan holda amalga oshiriladi.