Bojxona kodeksi 161-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi

Temir yoʻl transportida bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxslarga, basharti bojxona nazorati qoidalariga rioya etilsa, transport vositasini tark etmagan holda bojxona operatsiyalaridan oʻtish imkoniyati beriladi. Jismoniy shaxs tomonidan olib oʻtilayotgan tovarlar va (yoki) transport vositalari ularning bojxona rasmiylashtiruvini darhol amalga oshirish yoki bojxona toʻlovlarini darhol toʻlash imkoni boʻlmagan taqdirda vaqtincha saqlash uchun joylashtirilishi yoki bojxona hududidan olib chiqilishi lozim. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududiga soddalashtirilgan tartibda notijorat maqsadlar uchun olib kirilayotgan va uning tashqarisiga olib chiqilayotgan tovarlarga bojxona maqsadlari uchun tegishincha erkin muomalaga chiqarilgan yoxud eksport bojxona rejimida olib chiqilgan tovarlar sifatida qaraladi. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlar uchun olib kirilayotgan, bojsiz olib kirish normalaridan ortiq boʻlgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.