Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarning qiymati ularni deklaratsiyalashda maʼlum qilinadi. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, maʼlum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi. Shaxs tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning bojxona qiymati toʻgʻri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini ushbu Kodeksning 44-bobiga muvofiq mustaqil ravishda belgilashi mumkin. Tovarlar bojxona hududiga alohida kelayotgan bagajda olib kirilgan, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilgan taqdirda ularning bojxona qiymatiga tovarlarni aeroportgacha, daryo portigacha yoki tovarlar bojxona hududiga olib kiriladigan boshqa joygacha yetkazib berish xarajatlari qoʻshiladi.