Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar bojxona nazoratidan oʻtishi kerak. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga joʻnatilishi mumkin emas. Xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi. Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki joʻnatuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta joʻnatmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan joylardan yuboriladigan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari qabul qiluvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkazib beriladi.