Bojxona kodeksi 168-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona koʻzdan kechiruvi hamda bojxona koʻrigi

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari bojxona koʻzdan kechiruvini hamda bojxona koʻrigini oʻtkazish uchun bojxona organlariga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini taqdim etadi. Bojxona organlariga bojxona koʻzdan kechiruvi va bojxona koʻrigi uchun xatlar, pochta kartochkalari va sekogrammalar taqdim etilmaydi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar mavjud deb hisoblash uchun bojxona organlarida yetarli asoslar mavjudligi hollari mustasno. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmasi bojxona koʻrigidan oʻtkazilayotganda uning miqdorida farqlar, joylanmalarida nomuvofiqliklar hamda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining boshqa hollari aniqlangan taqdirda pochta aloqasi operatorining yoki provayderining xodimi bojxona organining mansabdor shaxsi bilan birgalikda bojxona koʻrigi dalolatnomasini imzolaydi. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona koʻzdan kechiruvi yoki bojxona koʻrigi oʻtkazilayotganda bojxona organlari bojxona nazoratining texnik vositalaridan foydalanadi.