Bojxona kodeksi 171-modda. Bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash tartibi

Bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash: elektr energiyasi yetkazib berilgan oydan keyingi oyning oʻninchi sanasidan kechiktirmay; quvur transportida olib oʻtilayotgan tovarlarni yetkazib berilishidan avval, hisobot davridan oldingi oyning yigirmanchi sanasidan kechiktirmay bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bojxona deklaratsiyasi berilayotganda quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlarni amalda koʻrsatish talab qilinmaydi. Quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlarning amaldagi miqdori toʻliq bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etgan holda deklaratsiyalanishi lozim, mazkur miqdor texnologik jihatdan shartlashilgan joylarda oʻrnatilgan, mazkur tovarlarning oʻtishini qayd qiluvchi hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari asosida hamda vakolatli organlarning maʼlumotlariga koʻra aniqlanadi. Quyidagilar boʻlmagan taqdirda muvaqqat bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishga ruxsat etiladi: Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan xalqaro shartnomalar; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari; quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlarning amalda olib oʻtilish hajmi va qiymatini aniqlash imkoniyati; kontraktlar (shartnomalar, kelishuvlar) vakolatli organlarda roʻyxatdan oʻtkazilmaganda. Muvaqqat bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishda bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish muddati tovarlarni yetkazib berishning hisob-kitob oyi tugagan sanadan eʼtiboran toʻqson kalendar kundan oshmasligi kerak. Bojxona chegarasidan quvur transportida tranzit tarzida olib oʻtiladigan tovarlarni deklaratsiyalash haqiqatda yetkazib berilgan har bir kalendar oydan keyingi oyning yigirma beshinchi sanasidan kechiktirmay bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.