Bojxona nazorati zonalari bojxona chegarasi boʻylab, shuningdek quyidagi joylarda tashkil qilinadi: bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladigan joylarda; bojxona tartib-taomillari va operatsiyalari bajariladigan joylarda; tovarlar bojxona nazorati ostida saqlanadigan, boshqa transport vositasiga ortiladigan, bojxona koʻzdan kechiruvidan va bojxona koʻrigidan oʻtkaziladigan joylarda; bojxona nazorati ostidagi tovarlarni tashiyotgan transport vositalarining toʻxtab turish joylarida. Bojxona nazorati zonalarining doiralari fizik-geografik va mahalliy sharoitlarni, tashqi iqtisodiy va xoʻjalik faoliyatining xususiyati va jadalligini, shuningdek unda belgilangan rejimni saqlab turishga bevosita taʼsir koʻrsatadigan boshqa omillarni hisobga olgan holda belgilanadi. Bojxona nazorati zonalari tegishli belgilar bilan qoʻyiladi. Bojxona nazorati zonasining maydoni barcha majburiy bojxona tartib-taomillari toʻliq hajmda bajarilishi uchun yetarli boʻlishi kerak. Doimiy bojxona nazorati zonalari doiralarida bojxona organlari tomonidan jismoniy shaxslarning, tovarlarning va transport vositalarining harakatlanish yoʻnalishlari belgilanadi. Zarur boʻlgan hollarda, yoʻnalishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining boʻlinmalari va (yoki) hududida bojxona organlari oʻz vazifalarini bajarayotgan tashkilot bilan kelishiladi.