Xavfni boshqarish tizimini qoʻllashda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tashuvchilar, bojxona ishi sohasida litsenziyalarga va ruxsatnomalarga ega boʻlgan shaxslar tomonidan yuk, yoʻlovchilar, transport vositalari toʻgʻrisida dastlabki tarzda taqdim etilgan axborotdan foydalaniladi. Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq chet davlatlarning bojxona organlari va xalqaro tashkilotlar bilan dastlabki axborot almashinuvini amalga oshiradi. Vakolatli shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali olib kirilishi kutilayotgan tovarlar hamda transport vositalari, shu jumladan yoʻlovchilar va ularning bagajlari toʻgʻrisidagi dastlabki axborotni ular amalda yetib kelguniga qadar Internet jahon axborot tarmogʻi orqali bojxona organlarining axborot tizimiga taqdim etishi shart. Vakolatli shaxslar taqdim etiladigan dastlabki axborotning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.