Qoʻshimcha bojxona ekspertizasi birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasi xulosasida mavjud boʻlgan kamchiliklarni toʻldirish uchun tayinlanadi va oʻsha ekspertning oʻzi yoki boshqa ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Xulosa asoslanmaganda yoki uning toʻgʻriligi shubha tugʻdirganda yoxud uning asosidagi dalillar haqiqiy emas deb topilganda takroriy bojxona ekspertizasi tayinlanadi. Birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasining xulosasi ustidan vakolatli shaxs yoki boshqa manfaatdor shaxs tomonidan shikoyat qilinganda, shuningdek prokuror tomonidan protest keltirilganda ham takroriy bojxona ekspertizasi tayinlanishi mumkin. Takroriy bojxona ekspertizasini tayinlashda ekspertning (ekspertlar komissiyasining) oldiga avval qoʻllanilgan tekshiruv uslublarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin. Takroriy bojxona ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda takroriy bojxona ekspertizasini tayinlagan organning birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasining xulosasidan noroziligi sabablari keltirilishi kerak. Takroriy bojxona ekspertizasini oʻtkazish boshqa ekspertga yoki ekspertlar komissiyasiga topshiriladi. Birinchi (avvalgi) bojxona ekspertizasini oʻtkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) takroriy bojxona ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin tekshiruvda va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.