Bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organiga tovarlar va (yoki) transport vositalari xususida hujjatlar taqdim etilgan paytdan, ushbu Kodeksning 162-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, ogʻzaki maʼlum qilingan yoxud jismoniy shaxsning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish niyatidan dalolat beruvchi boshqa harakatlar bajarilgan paytdan eʼtiboran boshlanadi. Bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organi va deklarant yoxud vakolatli shaxs oʻrtasidagi tovarlarni bojxona rejimiga joylashtirish va (yoki) bojxona rejimining amal qilishini tugallash, bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish va toʻlash yoxud ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlar tartibga solinganidan keyin tugallanadi. Bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi: qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda veterinariya, fitosanitariya nazorati, ekologik nazorat va boshqa turdagi davlat nazorati amalga oshirilganidan keyin; agar ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa, mazkur hujjatlarning mavjudligi tasdiqlanganidan keyin tugallanadi. Tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi hamda taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan va barcha zarur hujjatlar hamda maʼlumotlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur muddat xavflarni boshqarish tizimida belgilangan zarur tadbirlarni, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan tovarlar va (yoki) transport vositalari ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan vaqtni oʻz ichiga olmaydi.