Bojxona kodeksi 249-modda. Bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlar

Bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona organlariga roʻyxati va topshirilish muddatlari ushbu Kodeksda belgilangan hujjatlar hamda maʼlumotlar taqdim etilishi kerak. Tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organlarining axborot tizimidagi toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻi boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanganligi (bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga muhlat berilgan hollar bundan mustasno) toʻgʻrisidagi, xizmat koʻrsatuvchi banklar (gʻaznachiliklar) tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi. Tegishli bojxona rejimiga joylashtirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olinishini talab etuvchi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotganda bojxona organi bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatning mavjudligini tekshiradi. Bojxona organlarining axborot tizimida tegishli ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda bojxona organlari bojxona rasmiylashtiruvini rad etish huquqiga ega. Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan tegishli ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz tovarning chiqarib yuborilishiga yoʻl qoʻygan bojxona organining mansabdor shaxsi belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.