Bojxona kodeksi 265-modda. Bojxona deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish

Bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarga deklarant tomonidan oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishi, topshirilgan bojxona deklaratsiyasi esa qaytarib olinishi mumkin. Bojxona deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish va (yoki) uni qaytarib olish deklaratsiya qabul qilinguniga qadar amalga oshirilishi mumkin. Bojxona deklaratsiyasi qabul qilinganidan soʻng oʻzgartirish, qoʻshimcha kiritish, qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va (yoki) bekor qilish deklarant bojxona organiga murojaat etganidan keyin yoki bojxona organining talabiga koʻra amalga oshiriladi. Bojxona deklaratsiyasini oʻzgartirish yoki unga qoʻshimcha kiritish uning amal qilish doirasini kengaytirishi yoki toraytirishi mumkin emas. Bojxona organlarining mansabdor shaxslari oʻz tashabbusi bilan, deklarantning yoki uchinchi shaxslarning topshirigʻiga yoki iltimosiga koʻra yozma bojxona deklaratsiyasini toʻldirishga, bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻzgartirishga yoki ularga qoʻshimcha kiritishga haqli emas, bundan bojxona organlarining vakolatiga kiritilgan maʼlumotlarni bojxona deklaratsiyasiga kiritish, shuningdek, agar mashinada ishlov berish uchun foydalaniladigan kodli maʼlumotlar bojxona deklaratsiyasida kodsiz tarzda mavjud boʻlsa, kodli maʼlumotlarni oʻzgartirish yoki ularga qoʻshimcha kiritish mustasno.