Bojxona kodeksi 266-modda. Bojxona yuk deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish tartibi

Bojxona rasmiylashtiruvi tugallanganidan va tovarlar muayyan bojxona rejimiga joylashtirilganidan keyin, bojxona yuk deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona organining talabi bilan yoki vakolatli shaxsning arizasiga koʻra oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish mumkin. Agar bojxona organi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan koʻrsatilgan sabablarni asosli deb topsa, bojxona yuk deklaratsiyasi tovarlar chiqarib yuborilguniga qadar deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan qaytarib olinishi mumkin. Olib chiqilayotgan tovarlarga doir bojxona yuk deklaratsiyasi ushbu tovarlarni olib chiqishga ruxsat berilganidan keyin ham, lekin ular amalda olib chiqilguniga qadar qaytarib olinishi mumkin. Elektron shakldagi bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish bojxona yuk deklaratsiyasiga tuzatishlar kiritish shaklini rasmiylashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bojxona yuk deklaratsiyalariga oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish, ularni qaytarib olish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan ushbu moddaga muvofiq belgilanadi.