Bojxona kodeksi 286-modda. Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning huquqlari

Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis oʻz faoliyatini amalga oshirayotganda quyidagi huquqlarga ega: a) deklaratsiyalanayotgan tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, tovarlarning namunalari va nusxalari olinayotganda hozir boʻlish; b) deklaratsiyalanayotgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona nazorati ostida koʻzdan kechirishni, ularni tarozida tortishni va boshqacha tarzda ularning miqdorini aniqlashni amalga oshirish, shuningdek bojxona organining ruxsati bilan tovarlarning namunalari va nusxalarini olish; v) tovarlardan olingan namunalar va nusxalarning bojxona organlari tomonidan oʻtkazilgan bojxona ekspertizasi (tekshiruvi) natijalari bilan tanishish; g) bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni bajarish uchun bojxona nazorati zonasiga kirish; d) bojxona masalalari boʻyicha bojxona organlaridan belgilangan tartibda maʼlumotlar va maslahatlar olish; Dastlabki operatsiyalar amalga oshirilayotganda bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis quyidagi huquqlarga ham ega: a) deklarantning yoki vakolatli shaxsning tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan olib chiqish niyati toʻgʻrisida bojxona organlarini xabardor qilish; b) dastlabki operatsiyalar amalga oshirilayotganda bojxona maqsadlari uchun zarur boʻladigan hujjatlarning loyihalarini tayyorlash; v) deklaratsiyalanadigan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona omborlariga bojxona nazorati ostida joylashtirish. Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.