Bojxona kodeksi 290-modda. Bojxona bojlari, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi

Bojxona bojlariga import, eksport, alohida (maxsus, antidemping va kompensatsiya) va mavsumiy bojxona bojlari kiradi. Import bojxona boji tovar bojxona hududiga olib kirilayotganda toʻlanadi. Eksport bojxona boji tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda toʻlanadi. Alohida (maxsus, antidemping va kompensatsiya) bojxona bojlari qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qoʻllaniladi. Mavsumiy bojxona bojlari tovarlarni bojxona hududiga olib kirish va bojxona hududidan olib chiqishni tezkor tartibga solib turish uchun qoʻllaniladi. Bunda boj tarifida nazarda tutilgan bojxona bojlarining stavkalari qoʻllanilmaydi. Mavsumiy bojxona bojlarining amal qilish muddati ular belgilangan paytdan eʼtiboran olti oydan oshmasligi kerak. Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarga soliq va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi solinadi.