Bojxona kodeksi 294-modda. Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyat

Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyat: tovar bojxona toʻlovlarini toʻlash nazarda tutilgan bojxona rejimiga joylashtirilganda, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda; ushbu Kodeksning 201-moddasiga muvofiq tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin bojxona nazoratini amalga oshirish natijasida bojxona toʻlovlari qoʻshimcha hisoblangan taqdirda yuzaga keladi. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari hollari aniqlanmagan, erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilmagan yoki boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarga nisbatan quyidagi hollarda bojxona toʻlovlarini toʻlash majburiyati yuzaga kelmaydi yoki toʻlangan bojxona toʻlovlari qaytarilishi lozim: agar bunday tovarlar davlat mulkiga oʻtkazilgan yoki yoʻq qilingan yoxud oʻzining isteʼmol xossalarini yoʻqotish holatiga keltirilgan boʻlsa; agar bunday tovarlar avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki qaytarib boʻlmas tarzda yoʻqotilgan boʻlsa. Ushbu yoʻq qilinganlik yoki yoʻqotilganlik holatlari vakolatli shaxs va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak; bunday tovarlar tabiiy ravishda kamaygan taqdirda, bunda tabiiy kamayish holati vakolatli shaxs va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.