Bojxona kodeksi 305-modda. Olib kiriladigan tovarga doir bitimning narxidan chiqarib tashlanadigan toʻlovlar va xarajatlar

Olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda bitim narxidan quyidagi toʻlovlar va xarajatlar, basharti ular bojxona hududiga olib kiriladigan tovar uchun haqiqatda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narxdan ajratib olingan boʻlsa, chiqarib tashlanadi: sanoat qurilmalari, mashinalar yoki uskunalar kabi tovarlar bojxona hududiga olib kirilganidan keyin amalga oshirilgan uskunalarni qurish, oʻrnatish, yigʻish, montaj qilish, sozlash va ularga xizmat koʻrsatish yoki texnik koʻmaklashish xarajatlari; tovar bojxona hududiga olib kirilganidan keyin qilinadigan transport xarajatlari; tovarni olib kirish yoki sotish bilan bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasida toʻlanadigan bojxona toʻlovlari va boshqa toʻlovlar, agar kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlariga koʻra bu toʻlovlar sotuvchi tomonidan toʻlansa. Bitimning narxidan chiqarib tashlanadigan toʻlovlar va xarajatlar, bundan Oʻzbekiston Respublikasida toʻlanadigan bojxona toʻlovlari mustasno, tegishli tovarlar, ishlar va xizmatlar (tashish, sugʻurta qilish) uchun haq toʻlanganligi toʻgʻrisida vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar, toʻlov topshiriqnomalari, cheklar) asosida aniqlanadi. Olib kiriladigan tovarlar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narx bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarga tegishli boʻlib, sotib oluvchi tomonidan sotuvchiga oʻtkaziladigan dividendlar yoki boshqa toʻlovlar, agar ular olib kiriladigan tovarlar bilan bogʻliq boʻlmasa, olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatiga kiritilmaydi.