Bojxona kodeksi 307-modda. Oʻzaro bogʻliq shaxslar

Oʻzaro bogʻliq shaxslar deganda quyidagi belgilarning hech boʻlmaganda bittasiga mos keladigan shaxslar tushuniladi: bitim taraflarining biri (jismoniy shaxs) yoki bitim taraflaridan birining mansabdor shaxsi ayni vaqtda bitim boshqa tarafining mansabdor shaxsi boʻlsa; bitim taraflari yuridik jihatdan tan olingan biznes hamkorlar boʻlsa; bitim taraflarining biri (jismoniy shaxs) boshqa taraf bilan mehnat munosabatlari boʻyicha bogʻliq boʻlsa; bitim taraflarining biri bitim boshqa ishtirokchisining ustav fondida (ustav kapitalida) ovoz berish huquqi bilan ustav fondining (ustav kapitalining) kamida besh foizini tashkil etuvchi hissaga (payga) egalik qilsa yoki aksiyalarining egasi boʻlsa; bitimning har ikkala tarafi bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxs tomonidan nazorat qilinayotgan boʻlsa; bitimning taraflari bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxsni nazorat qilayotgan boʻlsa; bitimning bir tarafi va (yoki) uning mansabdor shaxsi bevosita yoki bilvosita bitimning ikkinchi tarafini nazorat qilayotgan boʻlsa; bitim taraflari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari qarindosh boʻlsa. Shartnoma munosabatlarining taraflari boʻlgan, foyda olish maqsadida faoliyatni amalga oshiradigan hamda ushbu faoliyat davomida barcha xarajatlarni va zararlarni birgalikda oʻz zimmasiga oladigan vakolatli shaxslar yuridik jihatdan tan olingan biznes hamkorlar deb hisoblanadi. Agar bunday shaxslardan biri boshqasining yagona agenti yoki yagona distribyutori yoxud yagona konsessioneri boʻlsa, ular ushbu moddaning maqsadlari uchun oʻzaro bogʻliq deb hisoblanadi. Shaxs boshqa shaxsning xatti-harakatlarini amaliy yoki huquqiy jihatdan cheklasa yoxud nazorat qilsa, u boshqa shaxsni boshqaruvchi shaxs deb hisoblanadi.