Axborot tashuvchi jismning bojxona qiymati tovarning bojxona qiymatini aniqlashning ushbu bobda koʻrsatilgan usullari qoʻllanilgan holda axborotning qiymati belgilanganidan keyin aniqlanadi. Bojxona hududiga olib kirilayotgan va maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha uskunalar uchun dasturiy taʼminotni oʻz ichiga olgan axborot tashuvchi jismning bojxona qiymatini aniqlashda, agar baholanayotgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narxdan dasturiy taʼminotning qiymati va (yoki) axborot tashuvchi jismning qiymati ajratib chiqarilsa, faqat axborot tashuvchi jismning qiymati hisobga olinadi. Agar dasturiy taʼminot axborot tashuvchi jism boʻlmagan tovarning tarkibiga kirsa hamda u bunday dasturiy taʼminotsiz oʻziga xos boʻlgan vazifalarni bajara olmaydigan ushbu tovarning ishlashiga qaratilgan boʻlsa, dasturiy taʼminotning qiymati tovarning qiymatidan ajratib chiqarilmaydi.