Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymati u eksportga sotilganda amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan bitimning bahosi asosida aniqlanadi. Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda ushbu Kodeks 306-moddasining yettinchi xatboshisida , shuningdek 307 va 308-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday tovarning bojxona qiymati bojxona organida mavjud boʻlgan aynan bir xil yoki oʻxshash tovarlarga oid maʼlumotlar asosida aniqlanadi. Ilgari olib kirilgan tovarlarni oʻzgarmas holatda bojxona hududidan olib chiqishda bojxona qiymati tovarning u olib kirilgan paytdagi bojxona qiymatining hamda bojxona hududida qilingan xarajatlarning, shu jumladan bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona toʻlovlarini toʻlash (tovarlar reeksport qilinishi munosabati bilan qaytarilishi kerak boʻlgan toʻlovlarni chegirgan holda), tovarlarni saqlash, sugʻurtalash uchun qilingan xarajatlarning, bojxona hududida qilingan boshqa xarajatlarning yigʻindisi sifatida aniqlanadi. Olib chiqiladigan tovarning deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan bojxona qiymatini aniqlash toʻgʻri ekanligini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan yoxud deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni notoʻgʻri yoki yetarli emas deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona organi bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda bojxona organi deklarant yoki bojxona brokerining yozma arizasiga koʻra unga olib chiqiladigan tovarning deklarant yoki bojxona brokeri maʼlum qilgan bojxona qiymati bojxona organi tomonidan qabul qilinmaganligining sabablari koʻrsatilgan yozma tushuntirish berishi shart. Bojxona organi oʻz ixtiyorida boʻlgan yoki deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan, ushbu Kodeksning 316 va 317-moddalarida koʻrsatilgan axborotdan foydalanishi mumkin. Bojxona hududi