Bojxona toʻlovlari bojxona deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar yoki qabul qilinishi bilan bir vaqtda toʻlanadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Tovarlarning ayrim toifalariga nisbatan bojxona toʻlovlarini toʻlash muddati quyidagicha belgilanadi: quvur transportida yoki elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan tovarlar uchun — ushbu Kodeksning 172-moddasiga muvofiq; shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berilishidan koʻzlanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda — tovarlardan foydalanish va ularni tasarruf etish boʻyicha cheklovlarga rioya etilmagan birinchi kun; bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib oʻtilayotgan tovarlar uchun — bojxona chegarasi kesib oʻtilgan kun. Agar bu kunni aniqlashning imkoni boʻlmasa, tovarlarni bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish fakti bojxona organlari tomonidan aniqlangan kun bojxona toʻlovlarini toʻlash kuni hisoblanadi; bojxona hududiga vaqtincha olib kirilgan tovarlar uchun — ushbu Kodeksning 66-moddasiga muvofiq. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan taqdirda, bojxona toʻlovlarini kechiktirib va boʻlib-boʻlib toʻlashga imkoniyat berilgan oxirgi toʻlash kuni bojxona toʻlovlarini toʻlash muddati hisoblanadi. Toʻlanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq boʻlmagan bojxona yigʻimlari bojxona organlari tomonidan tegishli harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilguniga qadar yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq bojxona hududida toʻlanadi. Bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatlari buzilgan taqdirda bojxona toʻlovlari oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun ushbu Kodeksning 349-moddasiga muvofiq penya hisoblanadi.