Bojxona kodeksi 345-modda. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sifatida sugʻurta majburiyatini qoʻllash

Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sifatida toʻlovchining fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash shartnomasiga koʻra sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisi qoʻllanilishi mumkin. Sugʻurta polisi bilan tasdiqlanadigan bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasining miqdori toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarining va foizlarning summasidan kam boʻlmasligi kerak. Sugʻurta polisi bilan taʼminlangan majburiyat toʻlovchi tomonidan bajarilmagan taqdirda bojxona toʻlovlarining summasi va foizlar sugʻurta polisini bergan sugʻurtalovchidan bojxona organi tomonidan soʻzsiz tartibda qonunchilikka muvofiq undirib olinadi.