Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik ushbu Kodeksning 327-moddasida belgilangan muddatlarda toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasidan, shuningdek uni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilganligi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan foizlardan iborat. Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik quyidagi hollarda yuzaga keladi: bojxona toʻlovlari ularni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash muddati tugaganidan keyin toʻlanmaganda. Kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash muddati tugagan kunning ertasidan qarzdorlik yuzaga kelgan kun deb hisoblanadi; tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin bojxona nazoratini oʻtkazish natijasida bojxona toʻlovlari qoʻshib hisoblanganda. Agar toʻlovchining bojxona toʻlovlari qoʻshib hisoblanishiga eʼtirozlari boʻlmasa, bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma taqdim etilgan kun, toʻlovchi eʼtiroz bildirgan taqdirda esa, sudning bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirgan sana qarzdorlik yuzaga kelgan kun deb hisoblanadi; toʻlovchining tashabbusi bilan bojxona toʻlovlari qoʻshib hisoblanganda. Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritilgan kun qarzdorlik yuzaga kelgan kun deb hisoblanadi; ushbu Kodeks 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan muddatlarda bojxona toʻlovlari toʻlanmaganda. Bojxona toʻlovlarini toʻlash muddati tugagan kundan keyingi kun qarzdorlik yuzaga kelgan kun deb hisoblanadi. Agar bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizidan oshmasa, u shakllanmaydi.