Agar tovarni ishlab chiqarishda ikki yoki undan ortiq mamlakat ishtirok etayotgan boʻlsa, tovarning ishlab chiqarilgan joyi yetarli darajada qayta ishlash mezonlariga muvofiq aniqlanadi. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash uchun tovarni yetarli darajada qayta ishlashning quyidagi mezonlaridan biri qoʻllaniladi: tovarni muayyan mamlakatda qayta ishlash yoki tayyorlash boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish natijasida uning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasidagi oʻrni dastlabki toʻrtta belgisining istalgan biri darajasida oʻzgarishi; advalor ulush qoidasi — foydalanilgan materiallarning va (yoki) qoʻshilgan qiymatning foizli ulushi yakuniy mahsulotning narxida qayd etilgan belgilangan ulushiga yetganda tovar qiymatining oʻzgarishi. Quyidagilar tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlariga javob bermaydi: saqlash yoki tashish vaqtida tovarlarning but saqlanishini taʼminlash boʻyicha operatsiyalar; tovarlarni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari (tovar turkumini maydalash, tovarlarni joʻnatishni tashkil etish, saralash, qaytadan oʻrash va boshqalar); oddiy yigʻuv operatsiyalari; tovarlarni (tarkibiy qismlarni) aralashtirib hosil qilingan mahsulotga unga dastlabki tarkibidan jiddiy farqlantiradigan xususiyatlarni bermaslik; ushbu qismning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan operatsiyalarning ikkitasini yoki undan ortigʻini bir vaqtda amalga oshirish; chorva mollarini soʻyish. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlarining qoʻllanilish xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.