Bojxona kodeksi 361-modda. Tovarlarni turkumlab yetkazishda ular ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash

Ishlab chiqarish yoki transport sharoitlariga koʻra tovarlarni bitta turkum qilib joʻnatishning imkoni boʻlmaganligi sababli ular boʻlib-boʻlib yoki yigʻilmagan holda bir necha turkumda yetkazib berilsa, shuningdek bir turkum tovar notoʻgʻri taqsimlanishi natijasida bir necha turkumga boʻlingan boʻlsa, tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashda bunday tovarlar deklarantning xohishiga koʻra yagona tovar deb qaralishi kerak. Ushbu qoidaning qoʻllanilish sharti quyidagilardan iborat: boʻlaklarga boʻlingan yoki yigʻilmagan tovarning bir necha turkumga taqsimlanganligini bunday taqsimlash sabablarini, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi boʻyicha tovarlarning kodlarini, har bir turkumga kiradigan tovarlar qiymati va tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni koʻrsatgan holda har bir turkumning batafsil tasnifini bojxona organiga oldindan yozma ravishda maʼlum qilish; tovar bir necha turkumga notoʻgʻri taqsimlanganligining hujjatlar bilan tasdiqlanganligi; barcha turkumdagi tovarlarning bitta mamlakatdan bitta yetkazib beruvchi orqali yetkazib berilganligi; tovarlarning barcha turkumlari bitta bojxona organi orqali olib kirilganligi; barcha turkumdagi tovarlarning kontraktda (shartnomada, bitimda) koʻrsatilgan muddat ichida yetkazib berilganligi.