Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashda ularni ishlab chiqarish yoki qayta ishlash uchun foydalaniladigan energiya, mashinalar, uskunalar va asboblarning qayerda ishlab chiqarilganligi hisobga olinmaydi. Mashinalar, uskunalar, apparatlarda yoki transport vositalarida foydalanish uchun moʻljallangan buyumlar, ehtiyot qismlar hamda asboblar, basharti ushbu buyumlar, ehtiyot qismlar hamda asboblar kuzatuv hujjati sifatida ilova qilingan texnik pasportda, texnik formulyarda va boshqa texnik hujjatlarda koʻrsatilgan toʻplamga hamda miqdorga muvofiq holda oʻsha mashinalar, uskunalar, apparatlar yoki transport vositalari bilan bir toʻplamda olib kirilsa va sotilsa, mazkur mashinalar, uskunalar, apparatlar yoki transport vositalari ishlab chiqarilgan mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi. Bojxona hududiga uchinchi mamlakatlardan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududlaridan olib kiriladigan tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi. Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning oʻrovi tovarning oʻzi kabi oʻsha mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi, bundan oʻrovi tovardan alohida deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan hollar mustasno. Bunday hollarda oʻrov ishlab chiqarilgan mamlakat tovar ishlab chiqarilgan mamlakatdan alohida aniqlanadi.