Bojxona kodeksi 363-modda. Tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat

Tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligi tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat bilan tasdiqlanadi. Tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydigan, eksport yoki reeksport qiluvchi mamlakatda belgilangan tartib va shaklga muvofiq vakolatli organ tomonidan berilgan, shu jumladan elektron shaklda berilgan hujjatdir. Tovarlarni bojxona hududidan olib chiqishda tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat, agar mazkur sertifikat kontrakt (shartnoma, bitim) shartlariga, tovar olib kiriladigan mamlakatning milliy qoidalariga koʻra zarur boʻlsa yoki koʻrsatilgan sertifikatning mavjudligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek eksport qiluvchining talabiga koʻra zarur boʻlsa, qonunchilikka muvofiq sertifikat berishga vakolatli boʻlgan organ tomonidan beriladi.