Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi ariza huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan bojxona organlariga beriladi. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: himoya qilinishi uchun ariza berilayotgan, intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarning tavsifi; huquq egasining fikricha, uning intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlarini buzayotgan tovarlarning, bojxona organlari bunday tovarlarni aniqlay olishi uchun yetarlicha batafsil tavsifi, agar huquq egasi yoki uning vakolatli vakili shunday maʼlumotlarga ega boʻlsa; taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlashga koʻmaklashadigan har qanday boshqa axborot (eksport qiluvchi, import qiluvchi yoki yukni qabul qiluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar). Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizaga huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining tovarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish tufayli deklarantga yetkazilishi mumkin boʻlgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi yozma shakldagi majburiyati ilova qilinadi. Mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi majburiyatda har bir intellektual mulk obyekti uchun bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdoridagi mablagʻlar tegishli bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.