Bojxona kodeksi 395-modda. Chet davlat diplomatik vakolatxonasining diplomatik agenti uchun bojxona imtiyozlari

Diplomatik vakolatxonaning diplomatik agentlari (diplomatik vakolatxonaning boshligʻi va aʼzolari), shuningdek ular bilan birga yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan oila aʼzolari oʻzlarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlarni, shu jumladan roʻzgʻorni dastlab taʼminlash uchun kerakli boʻlgan tovarlarni bojxona chegarasidan bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan va olib oʻtishning belgilangan tartibiga rioya qilgan holda, bojxona hududiga olib kirishlari va ushbu hududdan olib chiqishlari mumkin, bundan tovarlarni saqlaganlik, belgilangan joylardan tashqarida yoki bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazganlik uchun bojxona yigʻimlari mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning shaxsiy bagaji unda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallanmagan tovarlar yoki bojxona hududiga olib kirilishi yoxud bu hududdan olib chiqilishi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida taqiqlangan yoxud karantin qoidalari va boshqa maxsus qoidalar bilan tartibga solinadigan tovarlar bor deb taxmin qilish uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona koʻrigidan ozod etilmaydi. Bojxona koʻrigi diplomatik agent yoki uning vakolatli vakili ishtirokida oʻtkaziladi.