Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari quyidagilardan iborat: olib chiqilgan tovar uning dastlabki xossalarini va individual koʻrsatkichlarini oʻzgartirib, lekin qayta ishlash mahsulotida uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi xususiyatlarini saqlagan holda mazkur tovarni bevosita qayta ishlash yoki unga ishlov berish, bundan ushbu Kodeks 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno; olib chiqilgan tovardan foydalangan holda boshqa tovarni tayyorlash, shu jumladan montaj qilish, yigʻish yoki qismlarga ajratish; tovarni taʼmirlash, shu jumladan uni tiklash, modernizatsiya qilish, uning buzilgan yoki eskirgan tarkibiy qismlarini (elementlarini) almashtirish yoxud tiklash, nuqsonlarini bartaraf etish. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari amalga oshirilayotganda qayta ishlashga koʻmaklashuvchi yoxud qayta ishlashni yengillashtiruvchi boshqa tovarlardan butunlay yoki qisman foydalanishga yoʻl qoʻyiladi. Quyidagilar tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash operatsiyalari jumlasiga kirmaydi: tovarning but saqlanishini taʼminlash, uni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari; har qanday turdagi hayvonlarning naslini olish, ularni parvarishlash va klonlashtirish, boʻrdoqiga boqish va tutish (ushlash, ovlash), shuningdek ularning mahsullarini olish va toʻplash; har qanday oʻsimlik turlarini yetishtirish va yigʻish; foydali qazilmalarni qazib olish; axborotdan, audio- va video yozuvlardan istalgan turdagi axborot tashuvchi jismlarga nusxa koʻchirish va koʻpaytirib olish.