Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi: olib chiqilgan tovarni bojxona organlari tomonidan uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash mumkin boʻlganda, bundan ushbu Kodeks 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno; agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, bojxona organlarining axborot tizimida ushbu organlarning ruxsatnomalari mavjudligi; texnik-iqtisodiy asoslarning va amaldagi qayta ishlash jarayonining koʻrsatkichlari bir-biriga mos boʻlishi; tovarni qayta ishlash operatsiyalarining ushbu Kodeks 43-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi. Quyidagi hollarda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimidan foydalanish mumkin emas: agar tovarning olib chiqilishi toʻlangan bojxona bojlari va soliqlar summasini qaytarishni, ulardan ozod qilishni yoxud olib chiqishda taqdim etiladigan toʻlovlarni undirishni talab qilishga asos boʻlsa; bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ozod etilgan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga ilgari joylashtirilgan tovarga nisbatan ushbu shartli ozod etishning amal qilish muddati tugaguniga qadar, bundan shunday tovarni taʼmirlash, shu jumladan uni tiklash, modernizatsiya qilish, uning buzilgan yoki eskirgan tarkibiy qismlarini (elementlarini) almashtirish yoki tiklash, nuqsonlarini bartaraf etish uchun olib chiqish mustasno. Kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari yoki qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslanishi koʻrsatkichlari oʻzgargan taqdirda tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasini berish toʻgʻrisida yangi ariza berilishi lozim. Bunda yuridik shaxs oʻzgartirilganligi, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi, shuningdek jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganligi sababli kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari oʻzgargan taqdirda yangi ariza be