Reimport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda ilgari bojxona hududidan olib chiqilgan tovarlar bojxona bojlari, soliqlar toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda, ushbu Kodeksning 59-moddasida belgilangan muddatlarda bojxona hududiga qaytarib olib kiriladi. Reimport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarga erkin muomalaga chiqarilgan tovar sifatida qaraladi. Qisman yoki boshqa tarzda shikastlanishlari boʻlgan, shikastlanish chogʻida holati yomonlashgan tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga bu holat avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida roʻy berganligi tasdiqlangan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Tovar reimport bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar uni normal holatda saqlab turish boʻyicha turli operatsiyalar, shu jumladan mayda taʼmirlash operatsiyalari va texnik xizmat koʻrsatish, bundan tovarni kapital taʼmirlash va modernizatsiya qilish mustasno, amalga oshirilishi mumkin va ular tovar qiymati oshib ketishiga olib kelmasligi kerak. Tovar reimport bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda tovarning amalda reimport qilinayotgan qismiga nisbatan tovar eksport bojxona rejimida bojxona hududidan olib chiqilayotganda toʻlangan bojxona bojlarining va soliqlarning summalarini qaytarish, basharti tovar mazkur tovarni olib chiqqan shaxsning ayni oʻzi yoki uning huquqiy vorisi (merosxoʻri) tomonidan olib kirilayotgan boʻlsa, ushbu Kodeksning 49-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Tovar reimport qilinayotganda tovarni olib oʻtayotgan vakolatli shaxs toʻlovlar sifatida olingan yoki tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda berilgan boshqa imtiyozlar natijasida olingan summalarni qonunchilikda belgilangan tartibda qaytaradi.