Bojxona kodeksi 63-modda. Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun zarur boʻladigan hujjatlar

Tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini, shuningdek tovarni yetkazib berish yoki topshirish toʻgʻrisidagi kontraktni (shartnomani, kelishuvni) (tovar ijara, lizing shartnomasi, kafolatli xizmat koʻrsatish va investitsiya loyihasi doirasida vaqtincha olib kirilgan hollarda) taqdim etadi. Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda vaqtincha olib kiriladigan tovarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlar mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.