Bojxona kodeksi 81-modda. Qayta ishlash mahsulotlariga, qoldiqlarga va chiqindilarga nisbatan bojxona toʻlovlarini hamda iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllash

Olib chiqiladigan qayta ishlash mahsuloti, qoldiqlar va chiqindilar bojxona bojlari va soliqlar toʻlashdan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qoʻllashdan ozod etiladi, bundan ushbu Kodeksning 82-moddasida nazarda tutilgan taqiqlar va cheklovlar mustasno. Qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona bojlari va soliqlar qayta ishlash uchun olib kirilgan tovarlarning bojxona qiymatidan va (yoki) qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq ishlatilgan sonidan hamda tovar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amalda boʻlgan, ularga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona toʻlovlarining stavkalaridan kelib chiqqan holda toʻlanadi. Qayta ishlash mahsulotlari ularning chiqish normalarida belgilanganidan kam miqdorda olib chiqilgan taqdirda, bunday farqqa nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari toʻlanadi. Tovarlarning qayta ishlash chiqindilari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda ular bojxona hududiga shu holatda olib kirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi kerak.