Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 11-1-modda. Jinoyat protsessining ishtirokchisi boʻlgan bola huquqlarini himoya qilish kafolatlari

Davlat sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida bolalarning qonunchilikda belgilangan barcha protsessual huquqlariga rioya etilishi hamda bu huquqlar kafolatlarining taʼminlanishi boʻyicha choralar koʻradi. Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy taʼsir oʻtkazish, uni koʻrsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanadi. Sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmagan shaxsga nisbatan protsessual harakatlar uning katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki ushbu shaxsning boshqa qonuniy vakili ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shart. Bolaning va uning qonuniy vakillarining himoyachidan voz kechishi haqiqiy emas deb hisoblanadi. Qonunchilikda jinoyat protsessining ishtirokchilari boʻlgan bolalar uchun boshqa kafolatlar ham nazarda tutilishi mumkin.