Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 11-modda. Bolaning himoyaga boʻlgan huquqi kafolatlari

Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga yetguncha qonunga muvofiq toʻla muomalaga layoqatli deb eʼtirof etilgan (emansipatsiya) bola oʻz huquqlarini, shu jumladan himoyaga boʻlgan huquqini mustaqil amalga oshirishga hamda majburiyatlarini mustaqil bajarishga haqlidir. Bola ota-ona va ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiisteʼmolliklardan himoyalanish huquqiga ega. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolaga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda bola oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor boʻlgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishlari shart. Shunday maʼlumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha zarur choralar koʻrishi shart.