Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 20-modda. Bolaning mehnat qilish huquqi kafolatlari

Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega. Ishga qabul qilishga oʻn olti yoshdan yoʻl qoʻyiladi. Bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini ularning sogʻligʻiga hamda maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun — ular oʻn besh yoshga toʻlganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi. Davlat oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan ishlovchi shaxslarga ishni taʼlim bilan qoʻshib olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni koʻrish orqali bolaning mehnat qilish huquqi taʼminlanishini kafolatlaydi.